Muallif: Xolbekov M., Eshqobil Vali

Chop etilgan yil: 2020

Nashriyot: SamDCHTI

Chop etilgan shahar: Samarqand

Tiyran fikrli olima Gulnoz Xollieva o‘z kitobida to‘g‘ri ta’kidlaganidek, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda qiyosiy adabiyotshunoslik fanining darsliklari yaratilgan, adabiy komparativistikaning turli jihatlariga oid jiddiy tadqiqotlar yaratilib kelinmoqda. Ammo, o‘zbek adabiyotshunosligida bu borada hanuz darslik yaratish tugul, qiyoslash metodi nazariyasi, metodologiyasi va amaliy metodlari ishlab chiqilmagan. Muallif o‘rinli ta’kidlaganidek, bu sohada endi ilk qadamlar qo‘yilmoqda, A.Qosimov va boshqalarning hammualliflikdagi o‘quv qo‘llanmasi, D.Bahronovaning ispan tilida chop etilgan asarlari paydo bo‘ldi. Afsuski, hamon yaratilayotgan va himoya qilinayotgan o‘nlab dissertatsiyalarning xulosalari, natijalari umumlashtirilmasdan qolib ketmoqda (fanning ishlab chiqarish, bu erda, ta’lim sohasi bilan uzilishi kuzatiladi), ular orasida hali nazariy jihatdan mustahkam ishlanmagan qiyosiy metodga tayanilgan holda himoya qilinayotgan xom ishlar ham uchraydi. Ming taassuflar bo‘lsinkim, 90-yillar boshlarida bu borada Samarqandda boshlangan e’tiborga molik tizimli ishlar, tadqiqotlar dissertatsiyalar himoyasi borasidagi maqsadli say’i-harakatlar o‘sha paytlardagi mavjud turli byurokratik to‘siqlar sababli to‘xtab qolgan edi. Zero, professor Muhammadjon Xolbekovning “O‘zbek-fransuz adabiy aloqalari (tarjima, tanqid va idrok aspektida)”gi doktorlik”, K.Mustaevning o‘zbek va fransuz eposlarini qiyosiy o‘rganishga, D.Alimovaning o‘zbek-tojik adabiy aloqalari tahliliga, O.Rustamovning fransuz-o‘zbek hamda boshqa adabiyotlarni qiyosiy va tarjimasi tahlili aspektida yoqlangan nomzodlik dissertatsiyalari, komparativistika muammolariga bag‘ishlangan o‘nga yaqin chiroyli tadqiqotlarni misol tariqasida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin. Umid qilamizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ilm-fan sohasini chetlab o‘tmaydi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etishi zarur.

2020-07-16 16:40:34 | ko'rishlar soni: 2338 | Yuklab olindi: 497-marta