AXBOROT-RESURS MARKAZI ME’YORIY - HUQUQIY HUJJATLARI TO’PLAMI

AXBOROT-RESURS MARKAZI

ME’YORIY - HUQUQIY HUJJATLARI

TO’PLAMI

Zamonaviy talablarni hisobga olgan holda kutubxona tarmog’ini tashkil qilishni takomillashtirish, o’sib kelayotgan yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirishga, madaniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlab qolishga yo’naltirilgan prinsipial yangi axborot markazlarini barpo etish, shuningdek, aholini yanada kengroq va tizimli axborot bilan ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi kutubxonalarini Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, OO’MTVning O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi ixtiyoriga o’tkazish yo’li bilan oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari huzurida axborot-resurs markazlarini tuzish;

Qoraqalpog’iston Respublikasining Respublika kutubxonasi, viloyatlar ilmiy-universal kutubxonalari, shuningdek, Toshkent shahar markaziy kutubxonasi negizida idoraviy jihatdan O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligiga bo’ysunuvchi Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish to’g’risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Quyidagilar axborot-resurs markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ta’lim muassasalari o’quvchilari hamda aholining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda muntazam ta’lim olishi va mustaqil ravishda ta’lim olishiga ko’maklashish;

milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng ko’lamda targ’ib qilish, xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo’lishini ta’minlash, ma’naviy boy va uyg’un kamol topgan shaxsning ijodiy o’sishi uchun imkoniyat yaratib berish;

yangi axborot texnologiyalari (ma’lumotlar elektron bazalari, internet resurslari) asosida aholiga axborot xizmati ko’rsatish;

madaniy, ta’lim, axborot hamda boshqa dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun ta’lim muassasalari, mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari, milliy madaniyat markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. Axborot-kutubxona markazlari zimmasiga:

aholiga axborot-kutubxona xizmati ko’rsatishni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish, uning ilmiy, ta’lim, axborot va madaniyat sohasidagi qiziqishlarini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tezkorlik bilan qondirish;

kitobxonlarga an’anaviy kutubxona xizmati ko’rsatishdan o’z axborot resurslarini yaratish va jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini berish yo’li bilan axborot-kutubxona xizmati ko’rsatishga o’tishni ta’minlash;

universal axborot resurslari, milliy va xorijiy nashrlar (bosma, audiovizual, elektron va boshqa) fondlarni shakllantirish, saqlash va foydalanish uchun berish;

yig’ma elektron katalog yordamida axborot resurslarini birlashtiruvchi elektron kutubxonalar va ma’lumot bazalarini yaratish;

joylarda axborotlashtirish va kutubxonachilik ishi sohasidagi axborot-resurs markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tashkiliy-metodik jihatdan ta’minlash vazifasi yuklansin.

4. Quyidagilar:

axborot-resurs tarmog’i va axborot-kutubxona markazlari sxemasi 1-ilovaga muvofiq;

axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarini yaratish topshirig’i 2-ilovaga muvofiq;

Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Idoralararo kengash tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Idoralararo kengash:

bir oy muddatda belgilangan tartibda kutubxonalarni, 4-ilovaga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimidan Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, OO’MTVning O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi ixtiyoriga bepul o’tkazishni hamda ular oqilona qayta tashkil etilishini;

ikki oy muddatda barcha kutubxona fondlarini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda qayta ro’yxatdan o’tkazish uchun ekspert komissiyalari tuzilishini;

ikki oy muddatda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari ishini belgilab beruvchi tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilishini;

axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tanlov asosida malakali kadrlar bilan to’ldirilishini;

axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari yuksak samara bilan faoliyat ko’rsatishini hamda aholining barcha qatlamlari ulardan bemalol foydalana olishlari ta’minlansin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Idoralararo kengash to’g’risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Amalga oshirilgan ishlarning yakunlari to’g’risida 2006 yilning 1 dekabrigacha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga ma’lumot berilsin.

6. Belgilansinki, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari faoliyatini moliyalashtirish davlat byudjeti mablag’lari va homiylarning mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2007 yilning yanvaridan boshlab axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida elektron kutubxonalarni tashkil qilgan hamda ilg’or axborot texnologiyalarini tadbiq etgan holda ushbu markazlarni kompyuterlashtirish uchun zarur mablag’lar ajratilishini nazarda tutsin.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari axborot-resurs markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko’maklashishni ta’minlasin.

7. O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi zimmasiga:

axborot-kutubxona markazlarini belgilangan tartibda “ZiyoNeT” axborot tarmog’iga bosqichma-bosqich ulash va ularning resurslariga aholi keng qatlamlarining kirishini ta’minlash;

elektron kutubxonalar tizimini rivojlantirish, kutubxona axborot resurslarini tizimlashtirish vazifasi yuklatilsin.

8. 2006-2007 o’quv yilidan boshlab Toshkent davlat madaniyat instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavriat kadrlari hamda magistratura tegishli mutaxassisliklari bo’yicha kadrlar tayyorlash nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi:

bir oy muddatda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga nisbatan qo’yiladigan talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

elektron darsliklar va kutubxonalar, multimedia tizimlari va dasturlari yaratilishini ta’minlasin.

9. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartish va qo’shimchalar to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respubpikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                               I. KARIMOV

Toshkent shahri 2006 yil 20 iyun  “Xalq so’zi” 23.06.2006.

 

 

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI 
BUYRUQ №295

 

Axborot-reyeurs markazlari faoliyatini tashkil etish to’g’risida

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi 2006 yil 20 iyundagi PQ-381-sonli qarori asosida oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tarkibida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini ta’minlash maqsadida

BUYURAMAN:

1. Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari (ARM) to’g’risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga, axborot-resurs markazidan  foydalanishning qoidalari 2-ilovaga, Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari axborot resurs markazlari fondlarini shakllantirish haqidagi namunaviy nizom 3-ilovaga, Nashrlar
va boshqa hujjatlarni ARM fondi hisobidan chiqarish tartibi 4-ilovaga, Oliy   ta’lim   muassasalari   axborot-resurs   markazlarining   namunaviy shtatlar jadvali 5-ilovaga, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining namunaviy shtatlar jadvali 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazi tarkibida umumiy tasdiqlangan shtatlar va ish haqi fondi doirasida 3 ta shtat birligidan iborat, Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’limi tashkil etilsin.

2.1. Oliy va o’rta   maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’limi nizomi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2.2. Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar  ta’limini rivojlantirish markazi direktori B.Raximovga:

-10 kun muddat ichida bo’limga joy ajratish, texnik jihozlash, malakali kadrlar bilan to’ldirish;

-bo’lim faoliyatini yo’lga qo’yish bilan bog’liq barcha tashkiliy ishlarni amalga oshirish vazifalari yuklatilsin.

3. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi 2006 yil 20 iyundagi PQ-381-sonli qarori asosida axbrrot-resurs markazlari tashkil etilgan viloyat oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarma boshliqlari hamda ta’lim muassasalari direktorlariga ushbu buyruq bilan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga muvofiq axborot-resurs markazlari faoliyatini yo’lga qo’yish va takomillashtirish rejalarini ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash vazifalari yuklatilsin.

4. O’rta maxsus, kasb hunar ta’limi markazi (R.Nimatov)ga axborot-resurs markazlarining yuqorida qayd etilgan me’yoriy hujjatlari risola shaklida chop etilib, ta’lim muassasalariga taqdim etilishini ta’minlash topshirilsin.

5. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi 2006 yil 20 iyundagi PQ-381-sonli qarorida ro’yxatga tushmagan oliy ta’lim muassasalari rektorlariga va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari direktorlariga:

5.1.   Ta’lim muassasa kutubxonasi nomini o’rnatilgan tartibda axborot-resurs markazi deb o’zgartirish;

5.2. Kutubxonaning mavjud shtatlari va ish haqi fondi doirasida uning axborot-resurs markaziga aylantirilishi va elektron resurslarni shakllantirish va ulardan foydalanishga qulaylik yaratilishi bilan bog’liq, kutubxona tuzilmasiga tegishli o’zgartirishlar kiritish;

5.3. Axborot-resurs markazini vazirlik tomonidan tavsiya etilgan namunaviy jihozlash tartibiga muvofiq kompyuter va orgtexnikalar bilan ta’minlash vazifalari yuklatilsin.

6. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 1999 yil 10 may 155-sonli “Uzluksiz ta’lim tizimini darslik va o’quv adabiyotlar bilan ta’minlash va kutubxonalar faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi buyrug’ining 2 bandi o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.

7. Buyruq ijrosining nazorati vazirning birinchi o’rinbosarlari A.Parpiyev va A.Karimov zimmalariga yuklatilsin.

Vazir                                                                            R. Qosimov

 

Toshkent shahri 29 dekabr 2006 yil

 

 

I. SamDChTI axborot-resurs markazi  to’g’risida

NIZOM

 

UMUMIY QOIDALAR

Axborot-resurs markazi (keyingi o’rinlarda ARM deb ataladi) Samarqand davlat chet tillari instituti huzurida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyun “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi №381-sonli qarori va O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 29 dekabrdagi 295-sonli buyrug’i asosida tashkil etiladi.

1.2. ARM institut rahbariyatiga bo’ysunadi.

1.3. ARM institut tomonidan uning tarkibiy bo’linmasi sifatida mablag’ bilan ta’minlanadi.

1.4. ARM o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, Qonunlariga, ta’lim boshqaruv organlarining qarorlari, buyruqlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlariga, institut ustaviga, rahbariyatning buyruqlari va farmoyishlariga, institutning ichki tartib qoidalariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.

1.5. ARM o’z faoliyatida aholi barcha qatlamlarini axborot-resurslari va kutubxona fondidan erkin foydalanish huquqini ta’minlaydi.

1.6. Axborot-resurslari va kutubxona fondidan foydalanish tartibi, asosiy xizmatlar ro’yxati, xizmat ko’rsatish shartlari, foydalanuvchilarning huquqlari va  javobgarligi ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadi.

1.7. ARMga umumiy rahbarlik qilish Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Barcha idoralarning ARMlari ishlariga umumiy tashkiliy-metodik rahbarlikni, ularning ishlarini muvofiqlashtirishni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Idoralararo kengash idoraviy va hududiy metodik markazlar tizimi orqali;                 
O’zbekiston Milliy kutubxonasi – barcha idoralar uchun Respublika metodik  markazi, Idoralararo kengashning ishchi organi orqali;   

Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi – xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalari ARMlarining metodik markazi orqali amalga oshiradi.

 

ASOSIY VAZIFALAR

  1.   Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda foydalanuvchilarning muntazam va mustaqil ravishda ta’lim olishga ko’maklashadi.
  2. Milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng targ’ib qilish va xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo’lishni ta’minlash, zamonaviy boy va uyg’un kamol topgan shaxsning ijodiy o’sishi uchun imkoniyatlar yaratadi.
  3. Axborotlarga bo’lgan talablarga muvofiq ARM ma’lumotlar qidirish apparati  tizimi orqali har qanday fondlardan keng foydalangan holda yangi axborot texnologiyalari (ma’lumotlarning elektron bazalari, internet resurslari) asosida aholiga zarur darajada axborot xizmati ko’rsatadi.
  4. Kutubxona axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy metodlariga o’rgatadi.
  5. Kutubxona-axborot jarayonlarini, zamonaviy texnologiyalarni va kompyuterlashtirishni joriy etish asosida takomillashtiradi.
  6. Ta’lim muassasasi sohasiga va foydalanuvchilarning axborotlarga bo’lgan ehtiyojlariga muvofiq axborot-kutubxona fondini shakllantirish. Ma’lumotlar qidirish apparatini, ma’lumotlar bazalarini, kataloglar va kartotekalarni tashkil etish va yuritish.
  7. Madaniy, ta’lim, axborot va dasturlar, loyihalar, aksiyalarni birgalikda amalga oshirish uchun shuningdek, foydalanuvchilarning hujjatlarga va axborotlarga ehtiyojini yanada to’liq qondirish uchun ARMlar, axborot-kutubxona markazlarini (ARMlar), kutubxonalar, ta’lim muassasalari, o’zini o’zi boshqarish organlari, ijtimoiy ta’minot xizmatlari, milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish va kooperasiyalashtirishni rivojlantiradi.
  8. Kutubxona xizmatlari ro’yxatini kengaytirish, ARMni texnik jihozlash, kutubxona-axborot jarayonlarni kompyuterlashtirish asosida xizmatlar sifatini oshiradi.

ASOSIY FUNKSIYALARI

  1. O’quv zallarida, abonementlarda hamda kitobxon bileti bo’yicha yakka tartibda va guruhlar bo’yicha xizmat ko’rsatish metodlarini qo’llagan holda foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko’rsatadi.
  2. Ta’lim muassasalarida, o’quv markazlarida, laboratoriyalarda shakllantirilgan elektron axborot resurslarini to’plash, tizimlash, kataloglashtirishni amalga oshiradi. Elektron kataloglarni shakllantirish va uzatishning xalqaro formatlari (MARS formatlari) talablariga qat’iy muvofiq holda olib boriladi. ARM foydalanuvchilarning axborotlarga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida ma’lumotlarning mavzu yo’nalishlari bo’yicha manbalar yaratish yo’li bilan umumta’lim muassasalarining axborot-resurslarini shakllantiradi.

3.3.  Foydalanuvchilarni asosiy kutubxona-axborot xizmatlari bilan bepul   ta’minlaydi: 

kataloglar, kartotekalar tizimi va kutubxona axborotlari berishning boshqa shakllari orqali kutubxona fondi tarkibi to’g’risida to’liq axborot beradi;

─matbaa asarlari va boshqa hujjatlarni qidirish va tanlashda maslahat yordami ko’rsatadi;   

─kutubxona fondlaridan hujjatlarni vaqtincha foydalanish uchun beradi;

─boshqa ARM, AKM va kutubxonalardan kutubxonalararo abonement bo’yicha hujjatlar oladi;

─ta’lim muassasasining ilmiy va o’quv ishlariga yordam sifatida bibliografik ko’rsatkichlar, adabiyotlar ro’yxatini tuzadi; mavzuiy, manzilli va boshqa bibliografik ma’lumotlar beradi; kitoblarning bibliografik sharhlarini o’tkazadi;

─kitob ko’rgazmalari tashkil qiladi;

─foydalanuvchilar, rahbariyat o’qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va o’quvchilarning axborotlarga bo’lgan ehtiyojini aniqlaydi, o’rganadi va muntazam ravishda muvofiqlashtirib boradi.

  1. Foydalanuvchilarga ARMdan foydalanish qoidalariga belgilangan tartibda pulli xizmat ko’rsatadi. Kichik va o’rta biznes korxonalariga, uyushmalar va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida kutubxona-axborot xizmat ko’rsatishna tashkil qiladi. Kitobxonlarga kutubxonalararo abonement bo’yicha, shu jumladan, elektron pochta (internet)dan foydalangan holda xizmat ko’rsatadi.
  2. Axborotlarni qidirib topish, ularni mustaqil ta’lim olishda, o’quv jarayonida va ilmiy ishlarda qo’llash, kutubxonaning ma’lumotnoma-bibliografik apparatiga, axborot tizimlariga va ma’lumotlar bazalariga tayanish ko’nikmalarini shakllantiradi.
  3. Foydalanuvchilar uchun informatika, kutubxonashunoslik va bibliografiya asoslari bo’yicha mashg’ulotlar tashkil etadi.
  4. Mintaqa boshqa ARM, AKM va kutubxonalari bilan muvofiqlashtirgan holda aholining kitoblarga bo’lgan talablari, shuningdek, ta’lim kasb-hunar  dasturlari, o’quv rejalari hamda ilmiy-tadqiqotlar mavzulariga muvofiq fondni jamlashni ta’minlaydi. O’quv, ilmiy, davriy, ma’lumotnoma, badiiy adabiyotlar va boshqa turdagi nashrlarni sotib oladi.
  5. Fondlarni komplektlash manbalarini rahbariyat bilan kelishilgan holda belgilaydi. Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda ARM, AKM, kutubxonalar hamda respublikadagi boshqa muassasa va tashkilotlar bilan kitoblar ayriboshlashni, shuningdek, zaruriyatga ko’ra xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan xalqaro kitoblar ayriboshlashni amalga oshiradi. 
  6. Ta’lim muassasalari uchun adabiyotlar chiqarishni rejalashtirish hamda foydalanuvchilarning va fondlar tarkibining axborotlarga bo’lgan ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida kitobxonlar talabi darajasini o’rganadi. Barcha toifadagi foydalanuvchilarning o’quv va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi. Ilg’or axborot-kutubxona texnologiyasini, tadqiqot ishlari natijalarini joriy etadi. Kitobxonlar qiziqishlarini tahlil qiladi.
  7. Fondlarni hisobga olish va joylashtirishni amalga oshiradi, ularning saqlanishini va saqlash tartibini, hujjatlar nusxasini olishni va mikrofilmga ko’chirishni ta’minlaydi.
  8. Hujjatlarni amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq kutubxona fondidan chiqaradi. Rahbariyat bilan kelishilgan holda sohaga oid bo’lmagan va ortiqcha, o’xshash adabiyotlarni qayta taqsimlashni amalga oshiradi va belgilangan tartibda aholiga kitob savdosini tashkil qiladi.
  9. Fondlarning an’anaviy, elektron kataloglar va kartotekalar tizimini yuritadi.
  10. Kitobxonlarga avtomatlashtirilgan tartibda tezkorlik bilan turli xizmatlar ko’rsatish imkonini beradigan respublika yig’ma kataloglarni, shu jumladan elektron kataloglarni tuzishda qatnashadi.
  11. Boshqa ARMlar, ilmiy jamiyatlar, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari, respublika ARMlari bilan ijodiy va axborot aloqalarini rivojlantiradi.
  12. Kitobxonlar, arxivlar, ma’lumotlarning axborot bazalariga ega bo’lgan boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan amaldagi qonun hujjatlariga, davlat dasturlariga shuningdek, muassasalar va tashkilotlar o’rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq o’zaro hamkorlik qiladi.

 

ARMLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Nizomda ko’rsatilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq o’z faoliyatining   mundarijasi va aniq shakllarini mustaqil ravishda belgilaydi;

ARM tuzilmasini shtat ro’yxatini va undan foydalanish qoidalarini ishlab chiqadi hamda ularni ta’lim muassasasi rahbariyatiga tasdiqlash uchun taqdim etadi;

─markazga berilgan mablag’larni tasarruf etadi;

─yagona tarif-setkasi asosida, mehnatga haq to’lash fondi doirasida lavozim  maoshlarini;

 ─lavozim maoshlariga ustama va qo’shimcha to’lovlarni;

 ─xodimlarni mukofotlash tartibi va miqdorlarini belgilaydi;

 ─foydalanuvchilarga noyob va qimmatli nashrlarni berishda, shuningdek, ARMdan foydalanish qoidalarida belgilangan boshqa hollarda garovni (tegishli hujjat) belgilaydi;

─ARMdan foydalanish qoidalariga muvofiq, foydalanuvchilar tomonidan ARMga yetkazilgan zararni undirish turlari va miqdorlarini belgilaydi;

─yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar asosida ARMning kutubxona fondidan foydalanish shartlarini belgilaydi;

─ta’lim muassasasining ta’lim dasturlari, o’quv rejalari, ilmiy-tadqiqot ishlari mavzusi bilan tanishadi. Uning tarkibiy bo’linmalaridan ARM oldiga qo’yilgan vazifalarni hal etish uchun zarur bo’lgan materiallar va ma’lumotlarni oladi;

─turli muassasalarda, tashkilotlarda ta’lim muassasasi nomidan vakillik qiladi, kutubxona va axborot-bibliografik faoliyat masalalari bo’yicha ilmiy konferensiyalar, yig’ilishlar va semenarlar ishida bevosita qatnashadi;

─boshqa ARMlar, kutubxonalar tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib boradi;

─amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot-kutubxona birlashmalariga kiradi;

─axborot-kutubxona ishini rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini amalga oshirishda tanlov yoki boshqa asosida qatnashadi;

─Xorijiy davlatlarning ARMlari, kutubxonalari hamda boshqa muassasa va tashkilotlari bilan belgilangan tartibda hamkorlikni amalga oshirish, shu jumladan, zaruriyatga ko’ra, xalqaro kitoblar ayriboshlashni yuritish, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlarga a’zo bo’lib kirish, xalqaro kutubxonachilik va boshqa dasturlarni amalga oshirishda qatnashadi.

  1. ARM fondlarining talab darajasida saqlanishi uchun javob beradi.
  2. Ta’lim muassasasi ARMga taalluqli funksiyalarning bajarilmagani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;
  3. Kutubxona-axborot fondlariga zarar yetkazilishida aybdor bo’lgan ARM xodimlari amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan  tartibda javob beradilar;
  4. ARM xodimlarining mehnat munosabatlari O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga saqlanadi.

 

BOSHQARUV TUZILMASI VA SHTATLARI

Moddiy-texnika ta’minoti

5.1. ARMga rahbarlik direktor tomonidan amalga oshiriladi, u ta’lim muassasasi tomonidan, oliy ma’lumotga ega bo’lgan va ixtisosi bo’yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo’lgan mutaxassislardan, mehnat shartnomasi (kontrakti) bo’yicha tayinlanadi.

5.2.  Direktor o’z vakolati doirasida ishlarning natijalari uchun to’liq javob beradi.

5.3.  ARM xodimlari shartnoma (kontrakt) asosida ishga qabul qilinadi.

5.4.  ARM huzurida maslahatlashuv organi sifatida, ishlarni boshqa ARM, AKM, kutubxonalar, ta’lim muassasasining ilmiy va o’quv bo’linmalari bilan kelishish uchun kutubxona-axborot kengashi tashkil etiladi. Kengash tarkibi ARM direktori (mudiri) taqdimga ko’ra ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Kitobxonlar ARM muassasasi bilan kelishilgan holda tashkil etiladigan homiylar kengashlari yoki kitobxonlarning boshqa birlashmalari faoliyatida qatnashadi.

5.5.  ARM o’z faoliyati to’g’risida belgilangan tartibda hujjatlarni yuritadi hamda hisobotlarni, ish rejalarni va boshqa axborotlarni taqdim etadi.

Tuzilmasi va shtatlari

 5.6. ARM tuzilmasi muayyan ta’lim muassasasi uchun yakka tartibda ishlab chiqiladi va an’anaviy bo’linmalar (abonementlar, o’quv zallari va boshqalar)dan tashqari innovasiya bo’limlari, sektorlar (avtomatlashtirish, marketing bo’limlari va boshqalar)ni o’z ichiga olishi mumkin.

 5.7. ARMning boshqaruv va xizmat ko’rsatish xodimlari soni ta’lim muassasalarining ARM oldida turgan vazifalari hisobga olgan holda hamda xizmat ko’rsatiladigan aholi va ta’lim muassasasining o’quvchilari sonidan kelib chiqib, belgilangan tartibda shakllantiriladi.

Moliya-xo’jalik faoliyati

  1.  Ta’lim muassasasi rahbariyati ARMni amaldagi me’yorlarga muvofiq zarur xizmat va ishlab chiqarish xonalari, elektron-hisoblash hamda nusxa ko’chirish-ko’paytirish texnikasi va tashkiliy texnika bilan ta’minlaydi.
  2. ARM ta’minoti uchun xarajatlar ta’lim muassasasining umumiy xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
  3.  ARM o’zining subhisob raqamiga ega bo’lishi mumkin, unga markaz tomonidan pulli qo’shimcha xizmatlar ko’rsatish hisobiga jalb etiladigan mablag’lar kiritiladi.

 

 ARMni QAYTA TASHKIL QILISH VA TUGATISH

6.1. ARMni qayta tashkil qilish va tugatish (qo’shish, ajratish, ayirish, qayta o’zgartirish) Xalq ta’limi vazirligi qaroriga asosan amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarzda amalga oshiradi.

6.2.  ARMni qayta tashkil qilish bo’yicha barcha hujjatlar (boshqaruv, moliya-xo’jalik hujjatlar va boshqalar), mol-mulk va fondlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.

II. SamDChTI axborot-resurs markazidan  foydalanish QOIDALARI

 

UMUMIY QOIDALAR

 Axborot-resurs markazi (ARM) faoliyati demokratiya, insonparvarlik, umumiy foydalanishga qulaylik, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, fuqarolilik, shaxsning erkin kamol topishi tamoyillariga asoslanadi.

ARMdan foydalanish bepul, ARM tomonidan ko’rsatiladigan pullik xizmatlarning ayrim turlari uchun to’lanadigan haq miqdori qonun hujjatlarida belgilanadi.

 

2. ARMning ASOSIY VAZIFALARI

1. Universal axborot resurslarini, milliy va chet el nashrlari (bosma, audiovizual, elektron nashrlar va boshqalar) fondini shakllantirish, saqlash va berish.

2. Foydalanuvchilar uchun ARMda hamda mintaqaning axborot-kutubxona markazi (AKM)dagi hujjatlar va boshqa materiallarni olish imkoniyatini yaratish. 

FOYDALANUVCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

  1. ARMdan foydalanish huquqi mazkur ARM xizmat ko’rsatadigan hududda yashaydigan, fuqaroligi, yoshi, ijtimoiy va boshqa jihatdan mansubligidan qat’iy nazar, barcha aholiga, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga beriladi. Ushbu huquq axborot resurslari bilan jamlashning, axborotlarni, shu jumladan kutubxonalararo abonement tizimi orqali berish, shuningdek kutubxona-axborot xizmati ko’rsatishning boshqa shakllari bilan ta’minlanadi.      
  2.  Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

-ARM fondidan  istalgan hujjatlarni  vaqtincha foydalanish uchun olish, shuningdek, mintaqaning AKMdan va boshqa kutubxonalardan hujjatlarning bosma yoki elektron  nusxalarini yetkazib berish  tizimi orqali uzatish;

-bibliografik, ma’lumotnoma axborot xizmatidan hamda ARM tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlarning boshqa turlaridan foydalanish;

-ARM tomonidan o’tkaziladigan  axborot-ommaviy tadbirlarda qatnashish;

-ARMning jamoat kengashiga saylash va saylanish.

3.3. Foydalanuvchilar ARMga yozilish uchun  tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomani, pasportini yoki uning o’rnini bosadigan hujjatni, zarur mikdordagi fotosuratlarini taqdim etadilar hamda kitobxon biletini va ro’yxatdan o’tkazish varaqasini rasmiylashtirish  uchun ma’lumotlar beradilar.

Boshqa shaharlik fuqarolar vaqtinchalik kitobxon  biletini pasportini yoki pasport o’rnini bosadigan hujjatni ko’rsatgan holda oladilar.

Boshqa  mamlakat fuqarolari o’z mamlakati pasporti yoki  belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan  shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida kitobxonlik biletini oladilar.

3.4. Foydalanuvchilarga bir yo’la foydalanish uchun beriladigan hujjatlar soni ARM tomonidan bir holda tartibga solinadi.

 Noyob va qimmatli nashrlar hamda hujjatlar, shuningdek e’lon qilingan materiallar foydalanuvchilar belgilangan tartibga beriladi.

3.5. ARM  fondlarida zarur hujjatlar mavjud bo’lmagan taqdirda foydalanuvchilar ularning nusxalari mintaqaning AKMdan olishi mumkun.

3.6. Foydalanuvchilar ARMdan olingan hujjatlarni va boshqa materiallarni ehtiyot qilishi shart.

Foydalanuvchi hujjatlar va boshqa materiallarni olishda ularni ko’zdan kechirishi va ularda biron-bir nuqson borligi aniqlanganda bu to’g’risida ARM xodimiga ma’lum kilishi kerak.

3.7. ARM fondiga zarar yetkazgan shaxslar qonun  hujjatlariga muvofiq moddiy jinoiy yoki boshqacha tarzda javob beradilar.

3.8.  ARM fondidan olingan hujjatlar va materiallarni yo’qotgan yoki ularga tiklab bo’lmaydigan darajada ziyon yetkazgan foydalanuvchilar ularni tegishli ravishda xuddi shunday yoki ARM xodimlari tomonidan qimmatli deb e’tirof etilgan (shu jumladan, nusxalari bilan) hujjatlar va materiallar bilan almashtirish mumkin bo’lmagan taqdirda  ularning qiymatini bir necha baravar miqdorda to’lanishi ARM mutaxassislari yoki jalb etilgan mutaxasislar tomonidan, yo`qotilgan yoki yaroqsizlantirilgan hujjatning qiymatidan kelib chiqqan holda hamda  amaldagi tartibga soluvchi hujjatlarga muvofiq belgilanadi.

3.9.  ARM dan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun  foydalanuvchilar ARMdan foydalanish huquqidan (ARM ma’muriyati tomonidan) belgilangan muddatga mahrum qilinishi  mumkun.

ARMning FOYDALANUVCHILARGA XIZMAT KO’RSATISH BO’YICHA MAJBURIYATLARI

 

4.1. ARM fondlaridagi hujjatlar va materiallarni ularning saqlanishini ta’minlovchi belgilangan qoidalarga muvofiq hisobga olish, saqlash va foydalanishni amalga oshirish; ma’lumotnoma –bibliografik apparat, shu jumladan, elektron katalogni yuritish; tavsiyanoma ko’rinishidagi bibliografik qo’llanmalarni ishlab chiqish.

4.2.  ARM quyidagilarga ega:

-foydalanuvchilarni ARMdagi  va imkoniyat darajasida undan tashqaridagi barcha axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash;

-kutubxona, bibliografik, ma’lumotnoma–axborot xizmati ko’rsatishni takomillashtirish, ushbu maqsadlarda foydalanuvchilar bilan yakka tartibda va guruhlar bo’yicha ish olib borishning turli shakllaridan foydalanish;

-foydalanuvchilarga xizmat ko’rsatishda yuksak madaniyat va malakani ta’minlash, zarur hujjatlar va materiallarni qidirib topish va olishda yordam ko’rsatish;

-foydalanuvchilarning qiziqishlari va axborotlarga bo’lgan ehtiyojlarini o’rganish asosida turli manbalardagi axborot resurslarini bergan holda tabaqalashtirilgan kutubxona-axborot xizmati ko’rsatishni amalga oshirish;

-zarur axborotni qidirib topishga o’qitishda mustaqil ravishda  ta’lim olish ko’nikmalarini rivojlantirishda  ko’maklashish;

-fondlarda zarur hujjatlar va materiallar mavjud bo’lmagan taqdirda  ularni qidirib topish  ishlarini amalga oshirish hamda ularni kutubxonalararo abonement tizimi orqali taqdim etish;

-ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada o’tkazish;

-ARMning ijobiy nufuzini yaratishda ko’maklashish, ARM fondlarini va uning tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlarni reklama qilish foydalanuvchining ehtiyojlarini o’rganish hamda ularning xohishlariga muvofiq yangi xizmatlarni tashkil etish.

III. SamDChTI axborot-resurs markazi

fondlarini shakllantirish haqida

NIZOM

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Nizom O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari namunaviy Nizomi asosida ishlab chiqilgan.

1.2. ARM fondi o’quv-tarbiya jarayonini va ilmiy izlanishlarni to’la-to’kis va samarali ravishda axborot hamda hujjatlar bilan ta’minlash borasidagi vazifa va maqsadlarni bajarish uchun moddiy negizdir.

1.3. ARM fondi hududdagi boshqa ARMlar hamkorligida yaratiladi, fond zahirasi davlat ta’lim standartlariga, ilmiy-tadqiqot mavzulariga mos keladigan bo’lishi kerak.

1.4. ARM o’z fondini jamlash manbasini mustaqil aniqlaydi. Internetdan samarali foydalaniladi. Xorij davlatlari bilan kitob va axborot ayriboshlash bo’yicha aloqalar o’rnatadi.

 

2. FOND TURI VA TARKIBI

2.1. ARM fondi  ilmiy,  o’quv, badiiy  adabiyotlar,  ilmiy-texnik axborotlar  organlari  nashrlari,  davriy  nashr  mahsulotlari  (gazetalar, jurnallar va boshqa) chop qilinmagan asarlar bilan jamlanadi. O’quv fondi Davlat ta’lim standartlariga mos ravishda tashkil qilinadi.

2.2. ARMning yagona fondi ta’lim muassasasining barcha bo’linmalar fondlarini o’zida mujassam qiladi.                                                   

2.3. ARM fondining namunaviy tarkibi:

2.3.1. Asosiy (fundamental) fond - o’zida Respublika va xorij nashr maxsulotlaridan iborat bo’lgan imkon qadar to’la-to’kis yagona fondning bir qismi. Uning tarkibida o’ta qimmatbaho va nodir nashr mahsulotlaridan iborat noyob adabiyotlar fondi tashkil etilishi mumkin.

2.3.2. Yordamchi fond - yagona fondning tarkibiy qismidir. Yordamchi fond foydalanuvchilarga xizmat ko’rsatish shahobchalarida tashkil qilinadi (abonemetlarda, o’quv zallarida, ma’lumot-bibliografik va ilmiy-axborot, uslubiy bo’limlarda). Hujjatlarning shakliga ko’ra turlari quyidagicha bo’ladi va shu turlar bo’yicha ARMda quyidagi fondlar tashkil qilinadi:

          -kitoblar; davomli nashrlar; broshyuralar; jurnallar; gazetalar; audiovizual hujjatlar (kino, video, foto, fonohujjatlar, ya’ni kinofilmlar,  videofilmlar, diafilmlar, mikrofilmlar, mikroafishalar,               diagtozitivlar, kompakt-diskalar, audiokassetalar, gramplastinkalar);  elektron       hujjatlar (kompyuterlar uchun dasturlar, ma’lumotlar bazasi, disketlar va    multimedia); kartalar;    notalar;    bosma    grafika materallari        (fotoalbomlar,        reproduksiya        albomlari, reproduksiyalar,         plakatlar,         portretlar,         otkritkalar, fotografiyalar,    plakat    shaklida    nashr    etilgan    ko’rgazmali qo’llanmalar, ekslibirs, etiketka, estamp va dag’al ishlangan surat);

         -guruhli ishlov beriladigan bosma asarlar fondi (odatda varaqa shaklida nashr etilgan (o’quv) dastur, eslatma, uslubiy xat, bibliografik ro’yxat, yo’riqnomali ko’rsatmalar, yo’riqnoma, bosma grafika materiallarining plakat shaklida chop etilgan ko’rgazmali qo’llanmalari (reproduksiya, plakat, portret, otkritka va fotografiya), maxsus texnik hujjatlarning varaqa shaklida chop etilgan materiallari (standartlar va b.), vaqtinchalik ahamiyatga ega broshyuralar va h.k.);

-maxsus texnik  hujjatlar  fondi  (patentlar, texnik shartlar, ixtirolar tasviri, tovar belgilari, sanoat jihozlarining texnik katalogi,  preyskurantlar,   xorijiy   firmalarda   nashr   etilgan katalog-jurnallar va boshqalar);

-ko’zi  ojizlar  uchun   nashrlar  (Brayl  sistemasi  bo’yicha relyef-nuqtali shriftda tayyorlangan nashrlar va «gapiruvchi kitoblar»);

-chop etilmagan materiallar (ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyatining natijalari: dissertasiyalar, ilmiy tadqiqot va tajriba      konstruktorlik      ishlari      haqidagi     hisobot, deponirlangan ilmiy    ishlar, kontrol va laboratoriya ishlari, tashkilotlarning reja va hisoboti).

Hujjatlarning mazmuniga ko’ra turlari;

-tabiiy-ilmiy; texnika; qishloq-xo’jaligi; sog’liqni saqlash; ijtimoiy-gumanitar; madaniyat; fan; maorif; filologiya fanlari. Badiiy adabiyotlar; universal mazmunli adabiyotlar;

Hujjatlarning foydalanuvchilar doirasi va maqsadiga ko’ra turlari:

Rasmiy hujjatli hujjatlar. Bularga qonuniy, me’yoriy va direktiv xarakterdagi hujjatlar kiradi (davlat rahbarlarining adabiyotlari, davlat qonunlari, qarorlar va nizomlar);

Ilmiy hujjatlar. Bularga ilmiy-nazariy yoki tajriba-tekshirishlar haqidagi hujjatlar kiradi (monografiya, dissertasiyalar, avtoreferatlar, ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlari xaqidagi hisobotlar va deponirlangan ilmiy ishlar);

         Ilmiy-ommabop hujjatlarda-fan, madaniyat va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan ma’lumotlarni o’z ichiga olgan, mutaxassis bo’lmagan kitobxonlarga mo’ljallangan  hujjatlar.  Mazkur nashrlar sodda va tushunarli   tilda yozilganligi uchun ulardan keng kitobxonlar ommasi bemalol foydalanishi mumkin;

         O’quv hujjatlari - yuqori ma’naviy-g’oyaviy, ilmiy, amaliy va uslubiy saviyada yozilgan, namunaviy o’quv rejasidan joy olgan fan (o’quv predmeti) dasturining nazariy qismiga to’liq mos keluvchi o’quv hujjatlar (darslik, o’quv qo’llanmalar va ma’ruzalar to’plami);

         Ishlab chiqarish hujjatlari - o’z ichiga texnologiya, texnika va ishlab chiqarishni tashkil etishga oid ma’lumotlarni olib, amaliy faoliyat ko’rsatayotgan mutaxassislarga mo’ljallangan hujjatlar (amaliy-uslubiy qo’llanmalar, yo’riqnoma va uslubiy ko’rsatmalar);

         Ma’lumotnoma hujjatlar - ilmiy yoki amaliy, qiymatli qisqa ma’lumotlarga ega bo’lgan, ularni tez topishga qulay tartibda joylashtirilgan, tutash va sidirg’a o’qishga mo’ljallangan nashr (lug’atlar, ensiklopediyalar, bibliografik ko’rsatkichlar, referativ ko’rsatkichlar, manzillar kitobi va dayjestlar);

Eslatma: rasmiy-hujjatli adabiyotlardan asosan boshqaruv organlari xodimlari, ilmiy adabiyotlardan ilmiy xodimlar, ilmiy-ommabop adabiyotlardan keng kitobxonlar ommasi, o’quv qo’llanmalardan o’quvchi-talabalar, ishlab chiqarish adabiyotlaridan mutaxassislar va ma’lumotnoma adabiyotlardan keng kitobxonlar ommasi foydalanishadi.

Hujjatlarni tillariga ko’ra turlari: - o’zbek, rus, chet tillarida bo’lishi mumkin.

Eslatma: bu yerda hujjatlarning shakliga, mazmuniga, xiliga va tiliga ko’ra barcha turlari keltirilgan. Lekin ARMda barcha turdagi hujjatlar bilan ARM fondlari jamlanmaydi, ARM fondlarining xizmat ko’rsatadigan kitobxonlari doirasiga to’g’ri keladigan hujjatlardan jamlanadi.

2.3.3. Ayriboshlash fondi - nashrlar bilan o’zaro almashishga mo’ljalangan fonddir. Fond oliy ta’lim muassasasining ilmiy nuqtai nazaridan salohiyatli lekin ARM foydalanilmayotgan, asosiy fonddan o’tkazilgan adabiyotlardan iborat nashr mahsulotlaridan tashkil topadi. Boshqa ARMga o’tkazilayotganda shartnoma asosida hisob-kitob qilinadi.

3. Jamlash tartibi

3.1. Yagona fond tarkibi fondning mavzu rejalari (KMR) asosida tartibga solinadi. Bunda ta’lim muassasasining yo’nalishi va ilmii-tadqiqot ishlarining mavzulari inobatga olinadi. ARM ta’lim muassasasining ilmiy bo’limlari va kafedralar vakillari bilan hamkorlikda reja ishlab chiqadi.

3.2. Bibliografik manbalarni ko’rib chiqish asosida fondni to’ldirish uchun nashr mahsulotlariga oldindan buyurtmalar beriladi. Buyurtmalar ta’lim muassasasi bo’limlarining yozma arizalariga binoan rahbarlarning yozma ruxsati yoki bibliografik manbaning o’ziga imzo qo’yish orqali rasmiylashtiradi.

3.3. Olinadigan nashr mahsulotlarning tavsiya qilinadigan o’rtacha miqdori:

 

 

 

 

Asosiy o’quv

 adabiyotlari

fondi

 

 

 

Fanlar sikli

Bir foydalanuvchiga to’g’ri keladigan nusxalar soni

Gumanitar   va   ijtimoiy-iqtisodiy fanlar

1:1

Matematik va tabiiy-ilmiy fanlar

1:2

Umumta’lim va umumkasbiy fanlar

1:2

Yo`nalishlar bo`yicha maxsus fanlar

1:3

Qo’shimcha o’quv adabiyotlar fondi

Barcha fanlar sikli bo’yicha

 

1:5

 

Ilmiy

adabiyotlar fondi

Barcha fanlar sikli bo’yicha

1:5

 

        

Ta’lim muassasasi ARMidagi har bir o’quv zaliga bir nomdagi hujjatdan 3 nusxadan olish tavsiya etiladi.

         ARM buyurtma qilinayotgan adabiyotlarning umumiy miqdorini aniqlashda imtiyozli huquqga egadir.

 

4. Fondni tekshirish

4.1.  Ta’lim  muassasalari  ARM  fondidagi  nashr  mahsulotlarning haqiqiy   sonini   aniqlash   uchun   fondning  davriy   taftishini   o’tkazish quyidagicha belgilanadi.                                                                      

-fondda 20 minggacha adabiyotlar bo’lgan ARMlar 3 yilda bir marotaba;

-fondda 50 minggacha adabiyotlar bo’lgan ARMlar 5 yilda bir marotaba;

-fondda 50 mingdan ortiq adabiyotlar bo’lgan ARMlar 10 yilda bir marotaba.

4.2. Fondi 100 ming nusxadan ortiq adabiyotlari bo’lgan ARMlarda tekshirish   o’tkazilmaydi.   Fond   ish   rejasiga   muvofiq   tanlab   (asosan qimmatbaho nashr mahsulotlari) tekshiriladi.

 

18.12.2021 | ko'rishlar soni: 18790