Muallif: Abidov Ma`mur

Chop etilgan yil: 2014

Nashriyot: Samarqand davlat chet tillar instituti

Chop etilgan shahar: Samarqand

Mazkur bitiruv malakaviy ishi ingliz  tilida frazeologik birliklarning o’ziga xos xususiyatlarini semantik struktural jihatdan tadqiq etishga bag’ishlangan.

        Mavzuning dolzarbligi yana shu bilan asoslanadiki, til semantikasini o’rganish yuzasidan ko’plab ishlar amalga oshirilgan  bo’lsada, uning ayrim jihatlari hozirga qadar yetarli darajada o’rganilgan emas. Til derivasion imkoniyatlarining lug’atlarda aks ettirilishi va frazeologik birliklarni semantik jihatdan talqin etish ham shular jumlasiga  kiradi.

Frazeologik birliklar tabiatining murakkabligi bois, hozirga qadar amalga oshirilgan tadqiqot ishlarida asosan frazeologik birliklarning hosil bo’lish yo’llari o’rganilgani  holda   ularning   mazmundorligi,   ma’no   mohiyati   lingvistik jihatdan to’la tadqiq etilmagan. Tadqiqot ishida ingliz tili frazeologizmlarining semantik-struktural xususiyatlari      batafsil          ko’rib         chiqiladi         hamda        ularning lug’atlarda qay tarzda aks ettirilishi o’rganiladi. Yuqorida ta’kidlab o’tilgan masalalar mavzuning  dolzarbligini ko’rsatadi.

         Masalaning   o’rganilganlik  darajasi.  Frazeologik birliklarni tilning uzviy ajralmas bo’lagi sifatida ko’rib chiqish frazeologiyaning umumiy va o’ziga xos qonuniyatlarini mukammal o’rganib chiqishni talab etadi. Frazeologik birliklarning semantik stilistik xususiyatlarini tahlil qilish, barchaga ma’lumki,  juda ham keng qamrovli sohadir. Bu masalani lug’atlar bilan uzviy bog’langan holda o’rganib chiqish masalasi hozirga qadar ijobiy hal etilmagan.

Sosiolingvistika, umumiy tilshunoslik  yo’nalishidagi  ayrim tadqiqotlar ishlari ham  bu   masalaga  bag’ishlangan, ammo bu tadqiqotlar  odatda umumiy xarakterga ega bo’lib, frazeologik materiallarga kam murojaat etilgan.    

         Tadqiqot    ishining     maqsadi    frazeologik    birliklarning   semantik stilistik xususiyatlarini o’rganish hamda ularning ma’no mohiyatini ochib berishda zamonaviy lug’atlarning tutgan o’rnini tahlil qilishdan iborat.

Ishning maqsadidan kelib chiqqan holda, tadqiqot oldida quyidagi vazifalar turibdi:   

1.Ingliz tili frazeologik birliklarining semantik stilistik xususiyatlarini aniqlashtirish.

2.Frazeologiyada semantik munosabatlarni modellashtirish va ularning turli xil lug’atlarda aks etish qonuniyatlarini tahlil qilish.

3.Frazeologizmlar mazmunlarini nominativ nuqtai nazardan tadqiq  etish.

4. Ingliz tili maqollarining o’ziga xos xususiyatlarini tahlil qilish.

Tadqiqot ishining metodologik asosi sifatida O’zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimov asarlari hamda umumiy tilshunoslik, stilistika, lingvopragmatika, frazeologiya,  frazeografiya, psixolingvistika yo’nalishlarida bir qator yetakchi olimlarimiz (Yu.Yu.Avaliani, N.N.Amosova,  N.D.Arutyunova,  T.A.Bushuy, I.R.Galperin,  S.N.Denisenko, B.Y.Yo’ldoshev, A.V.Kunin, A.Mamatov, I.M.Oniskanskaya, M.I.Rasulova, L.I.Royzenzon, L.P.Smit, V.N.Teliya, N.K.Turniyazov, M.I.Umarxo’jayev, T.A.Dijk, P.Roberts, S.R.Searle, W.Tones va boshqalar) asarlari xizmat qildi.       

Ishning maqsad va vazifalari tadqiqot usullarini belgilab beradi. Ishda frazeologik identifikasiya, definision analiz, kontekstual analiz, qiyosiy-chog’ishtirma va boshqa usullardan foydalanilgan.

Tadqiqot ishining predmeti sifatida maqollar hamda frazeologik birliklarning semantik mexanizmi va ularning lug’atlarda aks etishi ko’rib chiqiladi.

Tadqiqot  obyekti   sifatida   eng   avvalo   ingliz  tilining obrazli, ekspressiv va emosional frazeologik birliklari va maqollari olingan.

Tadqiqot materiali sifatida frazeologik birliklar, maqollar, matallar xizmat qildi. FBlar maqollar to’plami, hikmatli so’zlar to’plami, frazeologik lug’atlar, izohli lug’atlar va boshqa lug’atlardan olindi.

         Tadqiqot ishi nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo’lib, bunda maqollar va frazeologik birliklarning semantik stilistik xususiyatlarini, ularning lug’atlarda aks etish jarayonini  chuqur  tahlil   qilish paremiologiyada sistemali aloqalarning vujudga kelishiga omil bo’ladi. Bu ishning asosiy nazariy yutug’i hisoblanadi. Bundan tashqari, frazeologizmlarning nominativ jihatini o’rganish bizga onomasiologik tadqiqotlarning yangi, hali yaxshi o’rganilmagan sohasini ya’ni nominasiya umumiy nazariyasini o’rganishga keng yo’l ochib beradi hamda u haqidagi ma’lumotlarning ko’payishiga olib keladi.

Ishning amaliy ahamiyati shundaki, tadqiqot natijalaridan horijiy tillar fakultetlari bakalavr va magistrantlariga dars berish jarayonida, ingliz tili frazeologiyasi bo’yicha nazariy kurslar tuzishda, leksikografiya va frazeografiya amaliyotida, maxsus frazeologik qo’llanmalar tuzishda foydalanish mumkin.

Tadqiqot ishining gipotezasi. O’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan frazeologik birliklarning lug’atlarda aks ettirilish prinsiplarini o’rganish matn shakllanishi, konnotativ tuzilish, me’yor nuqtai nazarlaridan frazeologiyaning kelgusi rivojlanishidagi turg’un qonuniyatlarni aniqlashtirib olish uchun ham zarur hisoblanadi.

Tadqiqot ishining himoyaga olib chiqiladigan asosiy xulosalari

1. Kelib chiqishiga ko’ra, frazeologik birliklarlar turli xil manbalarga mansubdirlar; ularning semantik va struktural rivojlanishi konnotativ ma’nodorlikka ega bo’lgan, to’liq shakllangan frazeobirlikning paydo bo’lishiga xizmat qiladi.

2. Frazeologizmlarning stilistik xususiyatlari asosan ularning quyidagi uch o’lchamdagi funksional o’rni bilan belgilanadi. Bular: a) vaqt, b) makon va v) jamiyat.

3. Frazeologizmlar muntazam xususiyatlarga ega bo’lib, o’zlarining invariant belgilariga ko’ra, bir-biri bilan ichki frazeologik munosabatlarda bo’lishib, o’z ichiga turli hajmlardagi birliklarni qamrab olgan frazeoguruhlarni tashkil qiladi.

Tadqiqot     ishida    o’rganilishi     kerak       bo’lgan     vazifalar    uning strukturasini belgilab beradi. Bitiruv malakaviy ishi Kirish, 2bob, Xulosa va Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.

 

2015-02-24 16:40:27 | ko'rishlar soni: 5791 | Yuklab olindi: 2172-marta