Samarqand davlat chet tillar institutida ishga muhtoj talabalarni aniqlash va ularni ishga joylashtirish, davlat tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlarining mavjudligi aniqlab, ular bilan hamkorlikda ish olib borish, mavjud til o‘qitish markazlari faoliyatini kengaytirish orqali bo‘sh ish o‘rinlari yaratish, institutning hamkorliklari doirasidagi sohalar, ya’ni ta’lim, xizmatlar ko‘rsatish, ishlab chiqarish, umumta’lim maktablari, turizm kabi sohalar faoliyatini kengaytirish bilan birgalikda yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, yaratilgan ish o‘rinlariga talaba-yoshlarni jalb etish orqali ularni ish bilan ta’minlash kabilar yuzasidan muntazam amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Samarqand davlat chet tillar institutida Samarqand shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo‘yicha oʻrinbosari Yusuf Absoatov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov ishtirokidagi rahbariyat vakillari, viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari, shuningdek, 60 dan ortiq davlat tashkilotlari, ya’ni oliy ta’lim, umumta’lim hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari, turli xil korxona va tashkilotlar qatnashishdi.
Jarayon davomida ish beruvchilar talaba-yoshlarni ishga joylashish bo‘yicha shartlar bilan tanishtirdilar, vakant ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumot berdilar hamda tashkilotlarga yosh mutaxassislardan talab qilinayotgan kasbiy qobiliyat va ko‘nikmalar, ta'lim dasturlarini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan fikr-mulohozalar va ko‘rsatmalarni berishdi.
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ishga muhtoj bo‘lgan talabalar institutda, shuningdek, institut bilan hamkorlikda ish olib borayotgan turli davlat tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari va mavjud til o‘qitish markazlari, bundan tashqari ta’lim, xizmatlar ko‘rsatish, ishlab chiqarish, umumta’lim maktablari, turizm kabi turli sohalarida faoliyat boshlashlari uchun yo‘naltirildi.