“Ezgulikka baxshida umr” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-oktabr kuni Samarqand davlat chet tillar institutida “Zarafshon” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda filologiya fanlar doktori, professor Inoyatulla Suvonqulov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan “Ezgulikka baxshida umr” deb nomlangan kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotni Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.M.Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda Samarqanddagi barcha yozuvchilar, olimlar, ijodkorlar hamda institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

“Ezgulikka baxshida umr” deb nomlangan ushbu kitobda Inoyatulla Suvonqulovning o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi haqidagi tahliliy ma’lumotlar va zamondoshlarining u kishini yodga olgan xotiralari kiritilgan.

Mazkur kitob “Zarafshon” gazetasi tahririyati bosh muhariri, taniqli jurnalist va jamoat arbobi Farmon Toshev tomonidan nashrga tayyorlangan bo‘lib, to‘rt fasldan iborat.

Birinchi fasl: “Olim haqida rasmiy ma’lumotlar”
Ikkinchi fasl: “Inoyatulla Suvonqulov haqida zamondoshlarining so‘zlari”
Uchunchi fasl: “Xotirasi dillarda va tillarda”
To‘rtinchi fasl: “Inoyatulla Suvonqulovning nashr etilgan asarlari bibliografiyasi”

Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, kitobda to‘plangan maqolalarning har birida olim faoliyatining yangi bir qirrasi, fazilati, ilmiy va amaliy kashfiyotlari hikoya qilingan.

2019-10-25 14:23:40 | ko'rishlar soni: 378